Isroil hujumi oqibatida Al-Jazeera telekanalining besh nafar xodimi halok bo‘ldi. Ularning G‘azodagi palatkasiga aviazarba berildi.

Qurbonlar orasida muxbir Anas al-Sharif va uning to‘rt nafar hamkasbi bor. Hujum paytida ular Al-Shifo kasalxonasi hududiga kiraverishdagi palatkada bo‘lgan. Isroil mudofaa kuchlari jurnalistlarni nishonga olganini tasdiqlagan.
Rasmiy bayonotda Anas al-Sharif “Isroilning tinch aholisi va harbiylariga qarshi raketa hujumlari uyushtirishda javobgar”likda ayblangan. Shuningdek, Isroil u “qurolli guruhlarga mansubligi” va “terrorchilikka tayyorgarlik kurslarida qatnashgani” haqidagi razvedka ma’lumotiga egaligini da’vo qilgan.

Zarba berishdan oldin tinch aholi uchun oqibatlarni minimallashtirish choralari ko‘rildi: yuqori aniqlikdagi qurollar qo‘llanildi, havodan kuzatuv olib borildi, qo‘shimcha razvedka ma’lumotlari olindi, deyiladi Isroil bayonotida.
Al-Jazeera ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida jami yetti kishi halok bo‘lgan. Telekanal o‘z xodimlariga berilgan zarbani “matbuot erkinligiga surbetlarcha va qasddan qilingan hujum” deb atagan.
Telekompaniya bosh muharriri Muhammad Muavadning aytishicha, marhum al-Sharif akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist bo‘lib, u orqali butun dunyo G‘azoda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lib turgan. Isroil esa sektorga xorijiy jurnalistlarni kiritmaydi.
O‘limidan oldin, 28 yoshli al-Sharif X ijtimoiy tarmog‘ida Isroilning G‘azo shahrining sharqiy va janubiy qismlarini intensiv bombardimon qilayotgani haqida yozgan edi.
Izoh (0)