Moskvaning Basmanniy sudi siyosatchi Boris Nemsovning o‘ldirilishi ishi bo‘yicha yana uch nafar shaxs – Hamzat Baxayev, Tamerlan Eskerxanov va Shadid Gubashevlarni hibsda saqlash muddatini uzaytirdi. Bu haqda sudning matbuot kotibi Anna Fadeyeva bergan ma’lumotlarga asosan “TASS” xabar beradi.
“Sud tergovning iltimosnomasini qanoatlantirib, Baxayev, Eskerxanov va Gubashevlarni qamoqda saqlash muddatini 2016-yil 28-fevral kuniga qadar uzaytirdi”, – dedi sud vakili.
Sud ilgari jinoyat ishi bo‘yicha ikki nafar shaxs – Anzor Gubashev va Zaur Dadayevni qamoqda saqlash muddatini 28-fevral kuniga qadar uzaytirgan edi. Ish bo‘yicha tergov harakatlarini olib borish muddati ham shu kunga qadar uzaytirilgan.
Boris Nemsov 2015-yil 27-fevral kuni kechqurun Moskva shahrining markazida otib o‘ldirilgan edi. Tergov jinoyatni bevosita sodir etganlikda Dadayevni gumon qilmoqda va qolgan to‘rt nafar shaxs esa jinoyatni sodir etishda aloqadorlikda ayblanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning noyabr oyida Ruslan Muhiddinov Nemsovni o‘ldirishni tashkillashtirishda ayblanib, sirtdan hibsga olingandi.
Izoh (0)