Qozog‘istonda birinchi marta odam a’zosini noqonuniy sotish holati aniqlandi. Mamlakat politsiyasi ushbu jinoyat yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda, deb xabar beradi “Zakon.kz”.
Olmaotalik 40 yoshli erkak qarzlari tufayli o‘zining buyragini sotishga qaror qildi, biroq xaridorlar uni aldab ketganligi tufayli hech narsasiz qoldi. Endi jabrlanuvchining moliyaviy qiyinchiliklariga sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar ham qo‘shildi.
Qarzlaridan birato‘la qutulishga qaror qilgan erkak uchun buyragini sotish pul topishning oson yo‘li bo‘lib tuyuldi. U xaridorni internetdan qiyinchiliksiz topdi. Ostonalik ayol uning a’zosini qizi uchun to‘rt million tengega sotib olishga xohish bildirdi.
Jabrlanuvchining so‘zlariga qaraganda, operatsiyadan so‘ng xaridorlar nafaqat uni aldagan, balki kaltaklab quvib yuborgan. Shundan so‘ng u politsiyaga murojaat qilgan. Endi uning ishi bilan tergovchilar shug‘ullanmoqda. Qozog‘istonda odam a’zolarini pullash qonun bilan taqiqlangan.
Izoh (0)