Qirg‘izistonda Siam egizaklari bo‘lgan opa-singil Rezaxanovalardan biri — Zita hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda respublika sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, “Zdravooxraneniye i nauka” portali xabar berdi.
24 yoshli Zita 29-oktabr, payshanba kuni poliorgan yetishmovchiligi tufayli olamdan o‘tgan. U sentabrda Moskva va Bishkek kasalxonalaridagi ikki yillik davolanishdan so‘ng o‘zi tug‘ilib o‘sgan Chuy viloyatidagi qishlog‘iga qaytgandi. Keyingi paytda uning bir ko‘zi ko‘rmay qolgan, ikkinchisi xiralashgan, shuningdek, urosepsis va boshqa bir qator kasalliklar qayd etilgandi. Shu bilan birga, singlisi Gitaning salomatligi barqaror holatda ekanligi aytilmoqda.
Zita va Gita Rezaxanovalar 2003-yili Moskvadagi Filatov nomli markaziy bolalar klinik kasalxonasida ularni ikkiga ajratish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarilganidan so‘ng ko‘pchilikka tanilgandi. Jarrohlik amaliyotining murakkabligi shundan iborat bo‘lganki, opa-singil ikki kishiga uch oyoq va umumiy tosga ega bo‘lgan.
Izoh (0)