2016-yilning sentabr oyida Hindistonda bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati final bosqichida Nepal U-17 ishtirok etmaydigan bo‘ldi, deb xabar beradi O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati.
Ushbu terma jamoa futbolchisi Manish Karkining yoshi aslida hujjatlarida ko‘rsatilganidan katta ekani aniqlangani sababli, jamoaning saralash bosqichidagi har bir o‘yini natijalari bekor qilinib, uning o‘rniga har uch o‘yinga ham 0:3 hisobida mag‘lubiyat yozildi.
Shundan keyin “B” guruhidagi holat qaytadan hisoblab chiqildi. Natijada Qirg‘iziston guruhda birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Endi Osiyo chempionatida Qirg‘iziston o‘smirlar terma jamoasi saralashning “B” guruhi g‘olibi sifatida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Osiyo chempionatining saralash bosqichida “A” guruhidan o‘rin olgandi va Maldiv orollari, Falastin, Yaman terma jamoalarini mag‘lub etib, Osiyo chempionati final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.
Izoh (0)