Odessaning Zatoka qishlog‘ida “Ivolga” katerining halokati oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 17 kishiga yetdi. Bu haqda mahalliy politsiya ma’lumotiga asoslanib “Interfaks” xabar beradi.
Oldinroq hodisa natijasida 14 kishining halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Ukrainaning Odessa viloyati IIV Bosh boshqarmasi matbuot xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Andrey Kostyukning ma’lum qilishicha, 21-oktabr tongida Zatokadan topilgan erkak kishining jasadi ham ushbu kater yo‘lovchilariga tegishlidir.
Kostyuk qurbonlar sonining yana ortishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, hozirda suv yuzasiga chiqarilgan katerni ko‘zdan kechirish ishlari amalga oshirilmoqda. Unda yana halok bo‘lganlar bo‘lishi mumkin. Kater kapitani Aleksandr Knishev qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, 17-oktabr, shanba kuni Odessa viloyati Belgorod-Dnestr tumanidagi Zatoka shaharchasi yaqinida yo‘lovchi kateri ag‘darilib, cho‘kib ketgandi.
Izoh (0)