Rossiyaning Krasnogorsk shahridagi to‘rt kishini o‘ldirishda gumon qilinayotgan Amiran Georgadze biznesdan chiqish uchun mahalliy amaldorlardan 20 million dollar “tovon puli” talab qilgan. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Bu haqda huquqni muhofaza qilish organlaridagi manba “Interfaks”ga ma’lum qilgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, hech qanday pul ololmagan Georgadze amaldorlarni o‘ldirgan va o‘z jinoyatini mobil telefonga suratga olgan.
Manbaning so‘zlariga ko‘ra, “Georgadze Moskva viloyatining eng nufuzli tumanlaridan birida qurilish va turli tashkilotlarga kommunal xizmatlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan, krasnogorsklik amaldorlar esa uni bu biznesdan siqib chiqarishga uringan”.
“Georgadze Krasnogorsk tumanini tashlab chiqishga tayyor bo‘lgan, biroq buning uchun unga 20 million dollar to‘lashlari kerak, deb hisoblagan”, — deydi “Interfaks” manbasi.
19 oktabr kuni Moskva viloyati Krasnogorsk tumani ma’muriyati binosida tuman ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Yuriy Karaulov va “Krasnogorsk elektr tarmoqlari” korxonasi boshlig‘i Georgiy Kotlyarenko o‘ldirib ketildi. Bundan tashqari, qotillikda gumon qilinayotgan Amiran Georgadze tasodifiy guvohni va biznes bo‘yicha o‘z hamkorini ham otib tashlagan.
Izoh (0)