Gvineyada Ebola virusini yuqtirib olish bilan bog‘liq yangi holat qayd etildi. Bu haqda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) matbuot kotibi Margaret Xarrisga asoslanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Shunday qilib, Gvineyada Ebola bilan yangi kasallangan shaxslar soni uch nafarga yetdi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yangi bemor chaqaloq bo‘lib, u avvalroq Forekariya shahrida aynan shu isitma bilan zararlangani aniqlangan shaxsning farzandi hisoblanadi.
Avvalroq JSST, tinch o‘tgan ikki haftadan so‘ng, Gvineyada ikki kishi Ebola isitmasini yuqtirib olganini ma’lum qilgandi. Kasallanganlarning biri Forekariya shahrida istiqomat qilsa, ikkinchisi poytaxt Konakrida.
JSSTning qayd etishicha, Gvineyada Ebola epidemiyasi tugagani haqida so‘nggi bemorning sog‘aygani laboratoriya sharoitidagi ikki tekshiruvda tasdiqlanganidan 42 kun o‘tib gapirish mumkin.
Izoh (0)