Londondagi mashhur Big Ben soatli minorasi jiddiy ta’mirga muhtoj bo‘lganligi sababli, undagi soat to‘rt oy muddatga to‘xtatib turilishi mumkin. Soat mexanizmining ayrim tarkibiy qismlarini tiklash qiymati kamida 29,2 million funt sterling (taxminan 43,8 million dollar)ni tashkil etishi mumkin. Bu haqda, The Guardian nashri bergan ma’lumotlarga asoslanib, “Vedomosti” xabar beradi.
Britaniya parlamentining quyi palatasi moliya qo‘mitasiga taqdim etilgan hisobotga asosan, “ayni paytda soatda soat o‘qlari va kapgirida davomli muammolar kuzatilmoqda. Bundan tashqari, metallning zanglashi bilan bog‘liq muammoning yechimini topish, tomdagi darz ketish va boshqa bir qator nuqsonlarni hal etish lozim”. “Bu muammolar keyingi ikki—uch yil ichida hal etilmasa, soat mexanizmi butunlay ishdan chiqib, parlament binosining xalqaro obro‘siga putur yetadi deyishga barcha asoslar mavjud”, – deyiladi hujjatda.
Londonliklarga Big Ben nomi bilan bir qatorda Big-Tom va Avliyo Stefan Minorasi nomlari bilan ma’lum bo‘lgan soatli minoraning balandligi 96,3 metrni tashkil etadi.
Izoh (0)