2015-yilning 11-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarini amalga oshirish jarayonini muhokama qilish borasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik Palatasi, vazirlik va idoralar, shuningdek mamlakatning ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ushbu sohada O‘zbekiston Respublikasi shartnomaviy-huquqiy bazasining hozirgi holati va uni kelgusida takomillashtirish istiqbollari tahlil qilindi. Muloqot chog‘ida standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalarining savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashdagi o‘rni va ahamiyatiga asosiy e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida mazkur sohadagi xalqaro shartnomalarni bajarishda “O‘zstandart” agentligi faoliyatining samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Shu kabi uchrashuvlar “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro sharnomalari to‘g‘risida”gi Qonunining xalqaro shartnomalar bajarilishi ustidan kuzatuv olib borish bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi vakolatiga oid qismi ijrosini ta’minlash maqsadida muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Izoh (0)