Qo‘qonlik abituriyent oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish uchun o‘zining bilimiga ishonmadi va buning uchun egri yo‘llarni qidirdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
U Toshkent Davlat pedagogika universitetining matematika fakultetida tahsil oluvchi talaba bilan tanishib qoldi. Qo‘qonlik yigit yangi tanishining OTMga o‘z kuchi bilan kirib, budjetda o‘qishini eshitgach, undan yordam so‘radi. Abituriyent o‘z bilimiga ishonmasligini, o‘qishga kirishiga yordam bersa, albatta rozi qilishini aytdi va uni ko‘ndirdi.
Gazetada qayd etilishicha, ular qo‘qonlik abituriyentning nomidagi hujjatlarga talabaning suratini yopishtirib, qabul komissiyasiga topshirdi. Belgilangan kuni talaba Davlat test markazi tomonidan berilgan test savollarini yechib, Jizzax politexnika institutiga kirish ballini to‘plab berdi.
Biroq ikki yil o‘tib, barchasi oydinlashdi. Tegishli tartibda jazoga tortilgan ikkovlon o‘qishdan chetlatildi.
Izoh (0)