Xitoyning Shanxay shahrida buyuk o‘zbek shoiri va davlat arbobi Alisher Navoiyga haykal o‘rnatiladi. Bu haqda, Shanxay universiteti huzuridagi O‘zbekiston tadqiqotlar va ta’lim almashinuvlari markazi direktori Yao Siminga asoslanib, “12news.uz” xabar bermoqda.
Markaz rahbarining ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda Shanxay universiteti hududiga Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish masalasi bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichga kirgan.
Avvalroq, Shanxay xalqaro tadqiqotlar universitetida 2015-yil kuzida o‘zbek tili kafedrasi ochilishi ma’lum bo‘lgandi. 2005-yili Toshkentda, 2014-yili Samarqandda Konfutsiy institutlari tashkil etilgan bo‘lib, ularni har yili 100 nafar tinglovchi bitirib chiqadi.
Qayd etish joiz, bugungacha Alisher Navoiy sharafiga Toshkent, Navoiy, Samarqand, Moskva, Tokio, Boku kabi shaharlarda haykallar qo‘yilgan.
Izoh (0)