Lokal gigantizmdan aziyat chekayotgan 8 yoshli hindistonlik Muhammad Kalim o‘ng qo‘lini kichraytirish bo‘yicha so‘nggi operatsiyani muvaffaqiyatli o‘tkazdi. The Daily Mail’ning yozishicha, bolakay 2014-yildan beri ketma-ket jarrohlik amaliyotlarini boshdan o‘tkazmoqda.
Nashrning qayd etishicha, bola o‘z qo‘lidan foydalana oladi, chunki operatsiya davomida asab tolalariga zarar yetmagan. Operatsiyadan so‘ng tezroq tiklanishi uchun Kalim fizioterapiya kursini ham o‘taydi. Shifokorlar Kalimning ikkinchi qo‘lini ham operatsiya qilishni rejalashtirmoqda.
Davolanish jarayoni muvaffaqiyatli kechayotganiga qaramay, Kalimning ona qishlog‘ida uning sog‘ayib ketishiga ko‘pchilik ishonmayapti. “U iblisning bolasi”, — deydi oilaning qo‘shnilaridan biri. Uning fikricha, ota-onasining yomon qilmishlari sabab Kalim duoyibad qilingan. Qishloq oqsoqoli esa nisbatan yumshoq fikr bildirdi — u bolaning kelajagi borligiga ishonadi.
“Qishloqdagilar g‘iybatni yaxshi ko‘radi, mana, muhokama qilishyapti. Lekin u bizning farzandimiz va biz u haqda qayg‘urishimiz kerak”, — dedi bolaning otasi Muhammad Shamim. Otaning umid qilishicha, Kalim normal hayot tarziga qaytishi va maktabga qabul qilinishi mumkin. Qayd etish joiz, avvalroq Kalim boshqa o‘quvchilarini qo‘rqitib yuboradi, degan sabab bilan uni maktabga o‘qishga qabul qilishmagandi.
Mahalliy maktab direktori operatsiyadan so‘ng bolani o‘qishga qabul qilishga tayyorligini va o‘qituvchilar Kalimga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishlari uchun ularga tegishli ko‘rsatma berishini ma’lum qildi.
Izoh (0)