Armanistonning Arminfo nashri xabar berishicha, Armaniston prezidenti Serj Sargsyan elektr energiyasi narxi oshishiga qarshi norozilik aksiyalari o‘tkazayotganlarga yon bergan. Bu haqda “Meduza” nashri xabar qilmoqda.
Jurnalistlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Sargsyan qarorni qayta ko‘rib chiqishga buyruq bergan. Ijtimoiy xizmatlarni tartibga solish komissiyasi rahbari ushbu masala bo‘yicha bosh vazir huzuriga chaqirilgan.
Hozircha bu ma’lumot rasman tasdiqlangani yo‘q. Bundan tashqari, oldinroq Ijtimoiy xizmatlarni tartibga solish komissiyasi matbuot kotibi Mariam Stepanyan tariflar oshishi haqidagi qarorni komissiya qayta ko‘rib chiqmasligini bildirgandi.
Yerevan markazida 22-iyundan beri elektr energiyasi narxi oshishiga qarshi ommaviy namoyishlar o‘tkazib kelinmoqda. 23-iyun kuni politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborgan va 200 dan ortiq kishini qo‘lga olgandi. Ammo bir kun o‘tgach norozilik aksiyalari qayta tiklandi va Armanistonning boshqa shaharlarida ham davom etdi.
Izoh (0)