Fransiya mitropoliti Imanuil Adamakis Ostonada bo‘lib o‘tayotgan Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari syezdi doirasidagi matbuot anjumanida islom dinini karikutaraga aylantirmaslik lozimligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Kazinform” axborot agentligi.
“Butun dunyoda terrorchilik bugun haqiqiy tahdid ko‘rsatmoqda. Biroq dinning terrorchilikka umuman aloqasi yo‘q, biz hozir Fransiyada ekstremist kuchlar bilan to‘qnashayotgan bo‘lsak ham. Bu masalada eng asosiy jihat — odamlarning o‘qishi, ta’lim olishi, yaxshiroq bilishi. Biz islom dinini karikaturalarga aylantirishimiz emas, balki uni hurmat qilishimiz kerak. Aksincha, dinga ziyon keltirayotganlarning o‘zini karikatura obyekti sifatida ko‘rish kerak”, — dedi Imanuil.
“Terrorchilarning harakatlari islomga unutilmas zarar keltirmoqda. Islom nomidan ham bilinib turibdiki, bu tinchlik dini. Din bilan aldayotganlar dinning o‘ziga zarar keltiradi. Din nomidan qilingan jinoyat dinga qarshi qilingan jinoyatdir. Biz bunga juda e’tiborli bo‘lishimiz lozim”, — dedi Fransiya mitropoliti.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yil 7-yanvarda Fransiyada karikaturalar chiqaruvchi satirik gazeta tahririyatiga qilingan hujum joriy yil boshida eng ko‘p muhokama qilingan hodisalardan biri bo‘lgan edi.
Izoh (0)