Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreyaga sayohat qilish davomida imkon boricha ehtiyot bo‘lishga undaydi, deb xabar beradi “Nur.kz”.
“18-iyundan butun dunyodagi musulmonlar uchun muqaddas oy hisoblangan ro‘za oyi boshlanadi. 30 kundan keyin esa musulmon aholi Saudiya Arabistoniga haj safariga borishni xohlaydi. U yerda esa MERS koronavirusi oqibatida 95 ta o‘lim holati qayd qilingan. Shu sababdan imkon boricha ehtiyot bo‘lish lozim”, — deydi 9-iyun, seshanba kuni QR TIV rasmiy vakili Altay Abibullayev. U Janubiy Koreyada konsullik ro‘yxatida 500 nafar Qozog‘iston fuqarosi qayd etilganligi, shuningdek uch mingdan ortiq kishi vaqtincha yashayotgani to‘g‘risida ma’lumot berdi.
10-iyun, chorshanba kuni yana 13 kishi virusni yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi, shu tariqa Janubiy Koreyada kasallanganlarning umumiy soni 108 kishiga yetdi, qurbon bo‘lganlar — 9 kishi.
MERS koronavirusi kasallikning ilk bosqichlarida alohida alomatlarga ega emas. U ko‘proq o‘pka kasalligi, diabet, buyrak yetishmovchiligi mavjud, hamda immuniteti zaiflashgan kishilar uchun xavfli.
Izoh (0)