Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida “Kamalak” zamonaviy akva bog‘i foydalanishga topshirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda o‘sib-ulg‘ayishi, iste’dod va salohiyatini namoyish etishi uchun barcha imkoniyat yaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Xususan, hududlarda zamonaviy madaniyat maskanlari va istirohat bog‘larining barpo etilayotgani, aholi, ayniqsa, bolajonlarning miriqib hordiq chiqarishida muhim omil bo‘layotir.
– Qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ evaziga bunyod bo‘lgan mazkur bog‘ni sahrodagi mo‘jizaga qiyos qilish mumkin, – deydi Navoiy kon-metallurgiya kombinati markaziy kon boshqarmasi direktori o‘rinbosari Ilhom Sharipov. – Kombinatning Zarafshon qurilish boshqarmasi tomonidan barpo etilgan bog‘ning maydoni 1,3 gektarni tashkil etadi. Hudud manzarasini yanada bahavo qilish uchun 21 ming tup anvoyi gul hamda 1000 ga yaqin manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi.
Bog‘ hududidagi 3 cho‘milish havzasi, suzishga mo‘ljallangan aylanma anhor, turli favvoralar, zamonaviy attraksionlar bolajonlar ixtiyorida. Bu yerga tashrif buyuruvchilarning salomatligini muhofaza qilish uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish xonasi hamda muzqaymoq, salqin ichimliklar do‘konlari tashkil etildi.
– Nabiralarim bu ajoyib maskanning barpo bo‘lganidan juda xursand, – deydi Sharofat aya Mahmudova. – Farzandlarimizga munosib bayram sovg‘asi sifatida ish boshlagan bog‘dagi sharoitlarga havasim kelmoqda. Bularning barchasi yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik samarasidir. Kelajagimiz vorislariga bunday sharoitlar yaratib berayotgan Yurtboshimizdan behad minnatdormiz.
Izoh (0)