Rim papasi Fransisk 1990-yildan beri televizor ko‘rmagan, deya xabar bermoqda Nur.kz. Pontifik Argentinaning La Voz Del Pueblo gazetasiga ma’lum qilishicha, u televizor ko‘rishni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Papa shuningdek internetdan foydalanmasligini ham tan oldi.
Rim papasi avvalgi hayotidagi narsalar orasida eng ko‘p erkinlik va pitsani sog‘inishini aytdi. “Ko‘chaga chiqsam, ko‘chalar bo‘ylab tinch, xotirjam aylansam, pitseriyaga kirib, pitsa tanovul qilsam – mana shuni sog‘inaman”, - dedi pontifik.
Bundan tashqari, Fransiskning so‘zlariga ko‘ra u faqat bitta – Italiyaning La Repubblica gazetasini o‘qiydi (e’tiborli tomoni, Vatikanning rasmiy gazetasi – L’Osservatore Romano’ni o‘qimaydi) va gazetani o‘qib chiqish uchun tongda atigi 10 daqiqa vaqt sarflaydi.
Shuningdek, papaning ma’lum qilishicha, sevimli futbol jamoasi – Argentinaning “San-Lorentso” jamoasi o‘yinlari natijalaridan uni Vatikandagi shveytsar gvardiyasi a’zolaridan biri xabardor qilib turadi.
Izoh (0)