O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar haqida vakolatli organni oldindan xabardor qilish tartibi bekor qilinadi.

Prezidentning “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, 2025-yil dekabrgacha davlat mehnat inspektorlari tomonidan tekshiruvlar o‘tkazish tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Bunda quyidagilar nazarda tutilishi lozim:
- tadbirkorlik subyekti nomi aniq bo‘lmagan holatlarda tekshiruv tayinlash to‘g‘risidagi buyruqda huquqbuzarlik sodir etilgan ob’yektni (manzilni) ko‘rsatgan holda tekshiruv o‘tkazish;
- davlat mehnat inspektorlarining qonun buzilishini bartaraf etish to‘g‘risidagi yozma ko‘rsatmalarini belgilangan muddatlarda bajarmagan ish beruvchilarda tekshiruv o‘tkazish;
- ish beruvchini tekshiruv tayinlanganligi to‘g‘risidagi buyruqdan uning YAMMTdagi shaxsiy kabineti orqali xabardor qilish;
- tekshiruv davomida faoliyati legallashtirilgan ishchilarga ish haqi hisoblanmasligi qayta tekshiruv o‘tkazishga asos bo‘lishi.
Farmonda belgilanishicha, 2025-yil 1-sentyabrdan “Xavfni tahlil etish” tizimining tahlil natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini xabardor qilish tartibi davlat mehnat inspektorlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarga tatbiq etilmaydi.
Shu sanadan boshlab O‘zbekistonda korxonalar o‘zida mavjud vakansiyalar haqida bandlik organlariga maʼlumot berish majburiyatidan ozod etiladi. Shu bilan birga, ish beruvchilardan bandlik organlari yo‘llanmasi asosida yuborilgan nomzodlarni ishga qabul qilmaganlik uchun sabab keltirish talabi bekor qilinadi. Bu holatda ish beruvchi maʼmuriy javobgarlikka tortilishiga chek qo‘yiladi. Norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi.
Izoh (0)