Kinodagi taomlar shunchaki rekvizit emas. Ular qahramonlarni, yashirin ma’nolarni va hatto butun voqeani tushunish kalitidir. Ovqatlar bir qarashda ko‘ringanidan ko‘ra chuqurroq ma’noga ega. Quyidagi maqolani o‘qigach, kinoga butunlay boshqacha nazar bilan qaraysiz.
“Shokolad”
Shokolad erkinlik va huzur-halovat timsoli sifatida butun filmning asosiy g‘oyasini aks ettiradi. U nafaqat shirin yegulik, balki shahar aholisining qo‘rquv va istaklarini aks ettiruvchi ramzdir. Shokolad an’analardan tashqariga chiqish va dunyoqarashni kengaytirishni anglatadi. Viann do‘konining ochilishi shaharning qattiq axloqiy me’yorlariga kiritilgan ilk yoriqdir. Film shahar hayotiga kirib kelayotgan yangi turmush tarzining turli qirralarini ko‘rsatish uchun shokolad tarixi va ta’mini mohirona qo‘llaydi. U xilma-xillik, ayollar huquqi, mustaqillik, romantika va o‘zlikni anglashni namoyon etadi.
“Ratatuy”
Kalamush Remi tanqidchi Ego uchun aynan ratatuy tayyorlagani bejiz emas, chunki bu taom oshpazning har kim ovqat pishira olishiga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatadi. Axir bu oddiy qishloq taomi manmansirab yurgan tanqidchini bolaligiga qaytaradi. Ratatuy unga oilasini eslatadi. Shuningdek, har qanday narsadan ham san’at asari yaratish mumkinligini isbotlaydi. Aytgancha, taom nomi ham so‘z o‘yini hisoblanadi. Chunki unda inglizcha “kalamush” ma’nosini anglatuvchi “rat” so‘zi mavjud.
“Kun-fu panda”
Poning otasi o‘z hunarini jon-dildan sevadi va shaharda eng lazzatli ugra tayyorlaydi. Uning ovqatga bo‘lgan ishtiyoqi Poning buyuk jangchi bo‘lish orzusini aks ettiradi. Garchi otasi har doim ham Poni tushunmasa-da, uni qo‘llab-quvvatlaydi va shu bilan birga pandaning jismoniy salomatligiga g‘amxo‘rlik qiladi. Bu multfilmdagi ugra shunchaki taom emas. U qahramonning oilaviy ildizlari va vataniga sadoqati ramzi.
“Ruhlar olami”
Ovqat bu yerda nafaqat isrofgarlik ramzi, balki ota-onalar (katta avlod) va farzandni (yosh avlod) ajratib turadigan mezon sifatida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, taom hammomga keluvchi ruhlarga atalgan in’om hisoblanadi. Biroq xudolarni unutgan odamlar tayyorlangan taomlarni o‘zlari yeb qo‘yadi. Bu nafaqat ochko‘zlik, balki zamonaviy jamiyatda e’tibordan chetda qolgan qadimiy madaniyatga hurmatsizlikdir.
“Matritsa”
Jamoaga kim xoinlik qilgani fosh etilgan sahnada, Sayferning steykni qanday ishtaha bilan yeyayotganini ko‘rish mumkin. Chunki u o‘zi uchun baxtni barcha savollarga javob topishda emas, balki hayotning oddiy quvonchlarida ekanligini anglagan: lazzatli taomlar, go‘zal manzaralar, hashamatli hayot. Bularning barchasini u matritsadan chiqib ketgach yo‘qotgan edi. Uning uchun bilmaslik - bu rohat. Shuning uchun ham u do‘stlariga xiyonat qiladi.
“Menyu”
Film voqealari xususiy orolda joylashgan va jiddiy oshpaz Julian boshqaradigan super elita restoranda kechadi. Biroq eng e’tiborga loyiq taom film oxiridagi chizburgerdir. Chunki qahramon oshpazning xonasini tezgina ko‘zdan kechirib, bu shafqatsiz odamga aslida nimani pishirish yoqqanini ko‘rsatuvchi dalillarni topadi.
“Ratatuy” multfilmidagi Ego singari bu oddiy taom oshpazni karyerasining boshlanishiga, hayot oddiy quvonchlarga to‘la bo‘lgan davrlarga qaytaradi. O‘shanda ovqat tayyorlashda nafislik va hayratga solishning hojati yo‘q edi. Erka boylarning ko‘nglini ovlash shart emasdi. Oddiy buterbrod ko‘plab oddiy odamlarni to‘ydirishi va ularga ozgina baxtli to‘qlik keltirishi mumkin bo‘lgan paytlar edi.
“Oshpaz yo‘lga chiqdi”
Bosh oshpaz Karl Kasper sevgilisi Molli uchun bir likop spagetti tayyordi. Bu holat Molli oshpazning tayyorgarlik jarayonini kuzatayotganda yoqimli o‘ynoqilik tuyg‘usini uyg‘otadi. Kamera bosh oshpazga emas, balki pastaga qaratiladi. Xira yoritilgan kvartirada tasvirga olingan bu sahna taom atrofida his-tuyg‘ular uyg‘otadi va ajoyib pasta taomidan olingan lazzatni aks ettiradi. Filmning qolgan qismi oshpazlik va uning oila, jamiyat hamda madaniyat bilan aloqasini o‘rganar ekan, spagetti sahnasi ovqat va muhabbatning bir-biriga qanday chambarchas bog‘langanligini aks ettiradi.
Izoh (0)