Tailandning Pattayya shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida shaxmat bo‘yicha jahon chempionati bahslari davom etmoqda. Oltita yosh toifasida o‘tkazilayotgan dunyo birinchiligida besh nafar yosh shaxmatchimiz ham o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazyapti, deb xabar berdi Olamsport.
Kecha o‘tkazilgan 6-turda aka-uka jahon chempionlari – Javohir va Islombek Sindarovlar muhim ochkolarni boy berishdi. 9 yoshlilar musobaqasida ishtirok etayotgan Islombek oq donalarda perulik Flores Diyego Saulni yenga olmadi. Partiyada durang natija qayd etildi. Javohir esa 11 yoshli shaxmatchilar bahsida oq donalarda o‘ynashiga qaramay, kutilmaganda mo‘g‘ulistonlik Tengiz Tsog-Ochirga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Yetti yoshlilar musobaqasida o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazayotgan Akobirxon Saydaliyev ham mag‘lubiyatni alamini totib ko‘rdi. U oq donalarda o‘ynab, vetnamlik Bao Jin Venga yutqazdi. Bu yosh toifasidagi yana bir vakilimiz Abdulbosit Sharifjonov esa g‘alaba nashidasini surdi. Abdulbosit xitoylik Li Yixaodan ustun ekanligini isbotladi.
O‘n uch yoshlilar bahsida qatnashayotgan Suhrobjon Avvalboyev ham bu turda mag‘lubiyatga uchradi. U qora donalarda harakat qilib, xitoylik Chi Yiga bir ochkoni taqdim etdi.
Bugun o‘tkaziladigan 7-tur oldidan Islombek Sindarov 4,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 7, Javohir Sindarov ham 4 ochko bilan 7, Abdulbosit Sharifjonov 5 ochko bilan 3, Akobirxon Saydaliyev 4 ochko bilan 8, Suhrobjon Avvalboyev esa 3 ochko bilan 29-pog‘onani egallab turibdi.
Izoh (0)