Firibgarlik, mashina o‘g‘irlash va boshqa bir qator jinoyatlari uchun 4 marta sudlangan samarqandlik fuqaro bu ishlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
U mashina sotib olish istagida yurgan bir kishini topdi va “Nexia” rusumli mashinasi borligini aytib, hozir pulning bir qismini, qolganini 3 yil ichida olishga kelishib oldi. Ular telefon raqamlarini almashib, bir kundan so‘ng uchrashadigan bo‘ldi.
Ertasi kuni firibgar tumanlarga qatnaydigan kirakashning mashinasiga chiqdi. Boshqa odam olmasa, haydovchining so‘ragan pulini berishini aytdi va ular yo‘lga tushdi. Haydovchi yo‘l-yo‘lakay do‘konga kirganida, aynan shu fursatni poylab turgan firibgar mashinani olib qochdi.
U xaridor bilan bog‘lanib uchrashuv joyini belgiladi. Ammo yoqilg‘i quyish shoxobchasida navbatda turganda, IIB jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari uni qo‘lga oldi. Sud hukmi bilan mashina o‘g‘risi 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)