Shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen ko‘zi bog‘lab qo‘yilgan holda uch amerikalik biznesmenni mag‘lub etdi. Bu haqda DN.no xabar bermoqda.
Norvegiyalik shaxmatchi Nyu-Yorkdagi moliyachilar konferensiyasi doirasida o‘yinlar seansini o‘tkazdi. Seansda qatnashgan har uchala biznesmenga o‘yin uchun to‘qqiz daqiqadan vaqt berilgandi. Vaqt qat’iy chegaralanganiga qaramay, Karlsen barcha partiyalarda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi.
“Vaqt qisqaligi sabab bahslar qiyin va ayni vaqtda qiziqarli bo‘ldi”, - deya tan oldi norvegiyalik shaxmatchining o‘zi.
Karlsen 2013-yildan beri shaxmat bo‘yicha jahon chempioni maqomini o‘zida saqlab turibdi. 24 yoshli norvegiyalik Elo reytingining tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichi (2882 ball) sohibi hisoblanadi, to‘rt marta “shaxmat Oskari” laureatiga aylangan. 2013-yili Time jurnali Karlsenni jahonning eng nufuzli odamlari ro‘yxatiga kiritgan.
Izoh (0)