Xitoyning Nanning shahrida davom etayotgan tennis bo‘yicha sovrin jamg‘armasi 25 ming AQSh dollarini tashkil etuvchi ayollar o‘rtasidagi turnirda chorak final ishtirokchilari ma’lum bo‘lmoqda. Ushbu musobaqada O‘zbekistondan iste’dodli tennischi Sabina Sharipova ham muvaffaqiyatli ishtirok etyapti, deb xabar beradi Olamsport.com.
Sharipova musobaqada beshinchi raqam ostida tasniflangan bo‘lib, ilk bosqichda saralash bahslari g‘olibalaridan biri koreyalik Xong Xyun-Xini 6:2, 6:1 hisobida mag‘lub etgandi. Ikkinchi davra uchrashuvida esa rossiyalik Valentina Ivaxnenkodan 1:6, 6:0, 6:1 hisobida ustun keldi.
Sabinaning chorak finaldagi raqibasi Janubiy Afrika Respublikasi vakilasi Shanel Simmonds bo‘ladi. U ikkinchi bosqichda xitoylik Jiya-Jing Luni 6:1, 6:3 hisobida taslim etdi. Taqqoslash uchun, Sharipova dunyo reytingida 222, Ivaxnenko 309, Simmonds esa 347-pog‘onani egallab turibdi.
Izoh (0)