Rossiya prezidenti Vladimir Putin Markaziy Osiyodagi yadro qurolidan xoli hudud haqidagi shartnoma protokolini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Avvalroq Rossiya Davlat dumasi ushbu shartnoma protokolini ratifikatsiya qilgani xabar berilgan edi.
Yadrodan xoli hudud tuzish haqidagi shartnomaning o‘zi 2006-yilda mintaqaning barcha beshta respublikasi: Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston tomonidan imzolangan hamda 2009-yildan buyon kuchga kirgan.
2014-yil 6-mayda Nyu-Yorkda imzolangan protokol yadro davlatlari — Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh, Fransiyani Shartnomaga a’zo mamlakatlarga qarshi yadro qurolini qo‘llamaslik va uni qo‘llash haqida tahdid qilmaslikni yuklaydi.
Davlat dumasi protokolni qo‘shimcha shartlar bilan ratifikatsiya qildi. Ularga ko‘ra, Rossiya o‘ziga yoki uning qo‘shinlariga, shuningdek uning ittifoqdoshlariga hujum uyushtirilsa, o‘zini protokolda nazarda tutilgan holatlar bilan cheklangan deb hisoblab o‘tirmaydi.
Izoh (0)