Toshkentda xatolik tufayli provayderdan qarzdorlikka kirib qolgan iste’molchiga bir oylik bepul internet taqdim etildi. Bu haqda Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhida ma’lum qilingan.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga murojaat qilgan iste’molchi inspeksiya tomonidan berilgan javob maktubini ilova qilgan.
Unda yozilishicha, Buzton internet provayderining mijozi bo‘lgan iste’molchi tarif rejasini o‘zgartirganda avtomatik rejimda Local xizmati yoqilib qolgan, natijada u tomonidan ishlatilgan barcha internet trafigi tashqi resurslar sifatida qabul qilingan. Ushbu xizmat yoqilib qolishi natijasida 5,2 Gigabayt trafik iste’molchi hisobiga yozib yuborilgan va bu provayderdan 24,65 AQSh dollari miqdoridagi qarzdorlikni keltirib chiqargan.
Provayderning billing tizimiga tuzatish kiritilgach, Buzton MChJ qo‘shma korxonasi zararni qoplash sifatida joriy yilning aprel oyida internetdan bepul foydalanishni taklif qilgan va iste’molchi bunga ijobiy javob qaytargan.
Iste’molchi ushbu muassasaga murojaat qilishda aynan guruh a’zolarining maslahatlari asqotganini qayd etgan. Foydalanuvchilar provayderlar bilan muammo chiqqanda tegishli muassasalarga murojaat qilishda faolroq bo‘lishga chaqirilgan.
Izoh (0)