Toshkentning Uchtepa tumani hokimiyati qarshisida “Gazel” markasidagi ikkita yo‘nalishli taksi yonib ketdi. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolari xabar bermoqda.
Xabarga ilova qilingan rasmda mashinalardan biri ikkinchisining yo‘lini kesib chiqqanini va har ikkalasining old qismi yonayotganini ko‘rish mumkin.
Foydalanuvchilar yozgan izohlardan ma’lum bo‘lishicha, o‘t o‘chirish xizmati bo‘limi shu yerga juda yaqin joylashgan bo‘lib, tezda yetib kelgan va yong‘inni bartaraf qilgan. Alanga o‘chib, yerlar oq ko‘pikka belangani aks etgan suratni guruh a’zolaridan biri ilova qilgan.
O‘sha hudud bilan tanish foydalanuvchilar aynan shu yer 169-marshrutkalarning so‘nggi bekati ekanligini qayd etdi. Izohlarda yong‘inga nima sabab bo‘lgani borasida ko‘plab fikrlar bildirildi. Aksariyat bunda haydovchilar aybdor ekanligini ta’kidlab, barchani ehtiyotkorlikka chaqirdi.
Izoh (0)