Xitoyning bo‘lajak tashqi ishlar vaziri sifatida ko‘rilgan diplomat Lyu Szyanchao iyul oyida xorijiy safardan qaytgach, g‘oyib bo‘ldi. Bu haqda manbalarga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.

Amaldor Pekinga yetib kelishi bilanoq so‘roqqa olib ketilgan. Shundan so‘ng omma oldida ko‘rinish bermagan. Xitoy rasmiy idoralari vaziyatga izoh bermayapti. Lyu ilgari Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining Xalqaro bo‘limiga rahbarlik qilgan va tashqi siyosiy muloqotlarda faol ishtirok etgan.
U yaqinda Singapur, Jazoir, Janubiy Afrika hamda AQSHga tashrif buyurib, Bayden ma’muriyati va tahlil markazlari vakillari bilan uchrashgandi. Hatto davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokara olib borgan. O‘shanda amerikalik amaldorlar uni “buyuk ishlar kutmoqda” deb baholagan edi.
Ammo Xitoy ichida bunday baholar turlicha qarshi olingan. Pekin norasmiy ravishda Lyuning lavozimidan chetlashtirilgan vazir Sin Ganning o‘rnini egallashi mumkinligi haqidagi fikrlarni tanqid qilgan. Sin Ganning karyerasi shov-shuvli “ichki tergov”dan so‘ng yakunlangan edi.
Lyuning g‘oyib bo‘lishi so‘nggi yillarda Xitoyning yuqori martabali amaldorlarini sirli tarzda lavozimdan chetlashtirish holatlariga mos keladi. Tahlilchilar buni partiya ichida nazorat kuchaygani bilan izohlamoqda.
Izoh (0)