O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga kelgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari saylov uchastkalarida bo‘lib, ovoz berish jarayonini kuzatmoqda, deb xabar berdi O‘zA.
“Erta tongda Toshkent shahridagi 160-saylov uchastkasiga kelganimda, bu yer allaqachon saylovchilar bilan gavjum ekanligining guvohi bo‘ldim”, – deydi “Vektor” strategik tadqiqotlar xalqaro institutining bosh direktori Andrey Xriyenko (Rossiya). – “Fuqarolarning saylovdagi faolligi katta taassurot qoldirdi. Bu ularning Vatan ravnaqi va xalq farovonligiga o‘zini daxldor sezishini ko‘rsatib turibdi. Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturi bilan saylovchilar keng tanishgan.
O‘zbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik borasida o‘rnak olsa arzigulik jihatlar ko‘p. Saylov uchastkalarida saylovchilar va kuzatuvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, yuksak darajadagi shart-sharoit bunga yorqin misoldir. Buning samarasida saylovchilarning yashirin ovoz berish huquqlari to‘la ta’minlanmoqda.
O‘zbekiston izchil rivojlanayotgan mamlakat. Mustaqillikning ilk yillarida tanlangan O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li – “o‘zbek modeli” bugungi kunda yuksak samaralar bermoqda.
O‘zbekistonda ijtimoiy sohalarda, xususan, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar e’tiborga molik. Mamlakatingizda joriy etilgan uzluksiz ta’lim tizimi natijasida yuksak bilim va malakaga ega mutaxassislar tayyorlashning samarali mexanizmi yaratilgan. Ayniqsa, kasb-hunar kollejlari o‘quvchilariga havasim keladi. Ularda yoshlarning kamida ikkita kasbni egallashi, bitiruvchilarning ish joyi oldindan tayin bo‘lishi O‘zbekistonda yoshlar masalasiga katta e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir”.
Izoh (0)