Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sog‘lig‘i haqidagi mish-mishlarni izohladi, deb yozadi “RBK” Qodirovning Instagram’iga tayanib.
“Ehtimol, bunday qisqa vaqt ichida hech qachon va hech qayerda fuqarolar qulog‘iga buncha ko‘p g‘iybat, soxta ma’lumotlar va surbetlarcha yolg‘on xabarlar yetib bormagan bo‘lsa kerak”, — deb yozdi u.
Qodirov ta’kidlashicha, 16-mart kuni Putin Peterburgda ko‘rinish bergach, barcha “kelajakni ko‘ra biladigan” tillar uzilib tushgan.
16-mart, dushanba kuni Putin 5-martdan buyon birinchi marta omma oldida namoyon bo‘ldi. Bu Sankt-Peterburgda Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev bilan uchrashuvda sodir bo‘ldi. Prezident aks etgan kadrlarni “Rossiya-1” telekanali efirga uzatdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin 6-martdan buyon omma oldiga chiqmagani, so‘nggi bor prezident 5-mart kuni — Italiya bosh vaziri Matteo Rensi bilan uchrashuvda jurnalistlar qarshisida namoyon bo‘lgani xabar berilgan edi.
11-mart kuni Reuters Qozog‘iston hukumatidagi manbasiga tayanib, Ostonadagi uchrashuv bo‘lmasligini xabar qilgan edi. “Tashrif bekor qilindi, Putin kasal bo‘lib qolganga o‘xshaydi”, — degan edi agentlik o‘z manbasiga tayanib.
Izoh (0)