Navoiy viloyat prokurorining katta yordamchisi bergan ma’lumotga ko‘ra, muqaddam ikki marta sudlanib, jazoga tortilgan fuqaro vaqtini internet-klubda o‘tkaza boshlaydi, deb xabar beradi “Huquq” gazetasi.
Ko‘p o‘tmay, u “Odnoklassniki.ru” sayti orqali Zarafshon shahrida istiqomat qiluvchi ayol bilan tanishib, ozroq vaqt shu zaylda suhbatlashadi. Keyinroq yangi tanishi uni uyiga taklif qiladi. Ziyofatda xonadon sohibasining tanishi ham nikohsiz turmush o‘rtog‘i bilan qatnashadi.
Hazil-huzul bilan boshlangan o‘tirish mehmonlardan birining nikohsiz xotinini ikkinchi mehmondan rashk qilishi natijasida yuzaga kelgan janjal bilan tugadi. Janjal vaqtida internet orqali tanishuv asosida mehmonga kelgan fuqaro qo‘lidagi bo‘sh aroq shishasi bilan “raqibi”ning boshiga tushirdi. So‘ng, yog‘och dastali oshxona pichog‘i bilan uning ko‘kragi va tanasining boshqa joylariga bir necha marotaba urdi. Natijada nikohsiz er voqea joyida vafot etdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudining hukmi bilan sudlanuvchi 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Izoh (0)