Shimoliy Qozog‘iston viloyatidagi maktablardan birida muallima ochiq darsdan oldin o‘ta hayajonlangani uchun o‘zi qabul qilgan tinchlantiruvchi doridan o‘quvchilarga ham berdi, deb xabar bermoqda “24.kg”.
4-sinf o‘quvchilari ochiq dars paytida birin-ketin tashqariga chiqib kelishni so‘ray boshlagan. Ularda bosh aylanishi va og‘rishi, hushdan ketish holatlari kuzatilgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchi dori ichayotganini ko‘rgan o‘quvchilar o‘zlariga ham dori berishini so‘ragan. Sinfda jami besh nafar o‘quvchi bo‘lgan. Dori ichgan to‘rt qizga jiddiy doridan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan. Faqatgina bir bola dorini olib, lekin ichmagani uchun zarar yetmagan.
O‘quvchilardan uch nafarining ota-onasi politsiyaga murojaat qilgan. Maktabda 34 yillik tajribaga ega yaxshi pedagog sifatida tanilgan ayol o‘z xohishi bilan o‘qituvchilikdan bo‘shagan va laborant sifatida ishlamoqda. Ushbu holat yuzasidan tergov olib borilmoqda.
Izoh (0)