Buyuk Britaniya parlamentining quyi palatasi uch ota-onadan − ikki ayol va bir erkakdan irsiy muhandislik uslubi orqali farzand olish imkoniyatini ma’qulladi, deb xabar bermoqda “Korrespondent.net”.
Parlament a’zolariga ochiq ovoz berish imkoni taqdim etildi, ya‘ni ular partiyalaridan kelib chiqib emas, balki shaxsiy fikrlariga tayanib ovoz berdi. Shu tariqa, 382 nafar deputat loyihani ma’qulladi, 128 nafari esa qarshi ovoz berdi. Yaqin ikki hafta ichida qonun loyihasi Lordlar palatasi tasdig‘idan ham o‘tishi kerak. Buyuk Britaniya ushbu jarayon ruxsat etilgan dunyodagi ilk mamlakat bo‘lishi mumkin.
Ushbu uslub tug‘ilajak bolalarda irsiy zaifliklarning oldini olishi aytilmoqda. Bolada o‘z ota-onasi va bir sog‘lom ayolning hujayralari jamlanadi, begona ayolning hissasi faqatgina 0,1 foizni tashkil etadi. Ushbu hujayra yordamida embriondagi zaiflik yoki urug‘ hujayrasidagi kamchilik bartaraf etilib, bolaning sog‘lom rivojlanishiga imkon yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Begona hujayra na tashqi ko‘rinishga, na xarakterga umuman ta’sir qilmasligi aytilgan. Tadqiqotchilar tanqidchilarning qarshiligini oshirib yuborilgan deb baholamoqda.
Izoh (0)