22-yanvar kuni Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasining borishi va Oliy Majlis Senatini shakllantirish yakunlariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi rasmiy saytida xabar berildi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ishlari qonunchilik talablari va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi asosida izchil olib borilayotganini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistondagi barcha siyosiy partiyalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish istagini bildirdi va shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlar to‘plamini taqdim qildi.
Markaziy saylov komissiyasi saylov qonunchiligiga muvofiq, shuningdek, taqdim qilingan hujjatlar asosida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasiga saylovda ishtirok etish uchun ijozat berdi. Hozir siyosiy partiyalar tomonidan imzo to‘plash ishlari olib borilmoqda.
Brifingda jurnalistlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar, saylovchilar imzosini to‘plash tartibi va bu jarayon qanday borayotgani, shuningdek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa masalalar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov okruglari tuzilgani, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tavsiyalari asosida okrug saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlangani ta’kidlandi.
Okrug saylov komissiyalari avvalgi saylovlarda amaliy tajriba to‘plagan, jamiyatning obro‘li vakillaridan iborat tarkibda shakllantirildi. Okrug saylov komissiyalari a’zolarining ro‘yxati, saylov komissiyalarining manzili va telefon raqamlari mahalliy matbuotda e’lon qilindi.
Brifingda ommaviy axborot vositalari vakillariga parlament saylovining yakuniy bosqichi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatini shakllantirish yakunlari to‘g‘risida ham axborot berildi.
Izoh (0)