Sam Antep Gilam o‘zbek-turk qo‘shma ko‘rxonasi Samarqand liftsozlik zavodi aktivlarini sotib oldi. Korxona bazasida lift ishlab chiqarishni davom ettiruvchi yangi “Samarqand YevroOsiyo lift” kompaniyasi tashkil etiladi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
2014-yil 28-may kuni Samarqand viloyat xo‘jalik sudi “Samarqand liftsozlik zavodi” aksiyadorlik jamiyatini bankrot deb tan oldi. Kreditorning qarzdorga bo‘lgan barcha da’volari 30-dekabrgacha qondirilib, bankrotlik ishi tugatildi. Bankrotlik haqidagi bayonot Rossiyaning “Peresvet-Invest” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kompaniyaning moliyaviy nochorligi tufayli berilgan edi.
“Peresvet-invest” zavodning 75 foiz aksiyalarini 2007-yilda 1,3 million dollar evaziga sotib olgan edi. Oldi-sotdi shartnomasiga binoan, kompaniya zavodga besh yil ichida 7,5 million dollarlik investitsiya kiritishi lozim edi. Investitsiya majburiyatlari to‘liq bajarilib, 2009-yilda foydaga chiqilgan. Biroq 2010-yildan yana zararga ishlay boshlangan.
Samarqand liftsozlik zavodi 1967-yilda tashkil topgan bo‘lib, yiliga 7000 ta yuk, transport va yo‘lovchi liftlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zavod o‘z sohasida markaziy Osiyoda eng yirigi hisoblanib, hozirda sobiq ittifoq hududida korxonaning 120 mingdan ortiq liftlaridan foydalanilmoqda.
Izoh (0)