Toshkentning Yangihayot tumanida yangi tug‘ilgan chaqaloq ko‘chaga tashlab ketildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti xabar berdi.
Voqea 2024-yil 15-yanvar kuni tonggi soat 7:30 larda tumanning “Zarbdor” mahallasida sodir bo‘lgan. Ishga ketayotgan yo‘lovchilardan biri sumkani ko‘rib qolgan va uni sut sotuvchilarniki deb o‘ylagan. Biroq sumka qimirlagan va unda chaqaloq yig‘isi eshitilgan. Fuqaro bu haqda 102 ga qo‘ng‘iroq qilib xabar bergan.
Voqea joyiga tezkor yetib kelgan profilaktika inspektori chaqaloqni tekshirib, darhol tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. Yetib kelgan shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, chaqaloq topib olinganida uning tug‘ilganiga taxminan 1 sutka bo‘lgan. Uning kindigi ham noodatiy usulda kesilgan. Bolaga birinchi yordam ko‘rsatilgandan so‘ng 12-sonli shahar shifoxonasiga olib borilgan.
Ayni paytda chaqaloq shifokorlar nazoratida. Uning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.
Holat yuzasidan Yangihayot tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)