O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 23-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik masalalari haqida so‘z yuritdi.
“Bugungi kunda bizning yaqin va olis yon-atrofimizda vujudga kelayotgan vaziyatga baho berar ekanmiz, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarning ko‘lami kengayib borayotganini, ya’ni, paydo bo‘layotgan qarama-qarshiliklarni hal etishda kuch ishlatishga zo‘r berish ustunlik qilayotgani, xomashyo resurslari va kommunikatsiyalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha geosiyosiy raqobatning oshgani, yadro texnologiyalari va ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi, xalqaro terrorizm va ekstremizmning keng tarqalayotgan ekspansiyasining faollashuvi, millatlar va konfessiyalararo mojarolarning kuchayayotganini e’tirof etmaslik mumkin emas.
Dunyoning turli mintaqalarida vujudga kelayotgan xavf-xatar, nizo va ziddiyatlar hamda qarama-qarshiliklar tobora kuchayib borayotganini, ular tinch yo‘l bilan hal etilmasdan, aksincha, keskinlashayotganini afsus bilan tan olishga majburmiz.
AYSAF deb nom olgan tinchlikparvar kuchlarning Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar uchun jiddiy sinovga aylanmoqda. Iroqdagi achchiq tajriba yaqqol ko‘rsatganidek, Afg‘onistonda yuzaga keladigan har qanday bo‘shliqni bu mintaqaning katta hududiga o‘zining vayronkor ta’sirini yoyishga qodir bo‘lgan turli buzg‘unchi va terrorchi guruhlar, fanatik kuchlar qisqa fursatda egallab olishi mumkin”, − dedi Islom Karimov.
Izoh (0)