O‘zbekistonda Islom Karimovning 2000-yil 26-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida arxitektura va shahar qurilishini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Butun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Toshkent shahrida ham aholi uchun qulayliklar yaratish va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada ko‘p qavatli avtomobil to‘xtash joylari muhim o‘rin tutmoqda. Jumladan, Chorsu mavzesida 658 yengil avtomobilga mo‘ljallangan mana shunday ko‘p qavatli to‘xtash joylaridan biri muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
“Ko‘p qavatli avtomobil to‘xtash joylarini qurishga doir loyihalarni amalga oshirishda xalqaro tajribani o‘rganib, imkoniyatlarimizni hisobga olmoqdamiz. Shuncha avtomobilni oddiy to‘xtash joylariga joylashtirish uchun kamida 21 ming kvadrat metr hudud zarur bo‘lardi. Mazkur ko‘p qavatli avtomobil to‘xtash joyimiz esa atigi 3,5 ming kvadrat metr maydonni egallagan”, – dedi Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Asomiddin Tojiyev.
Ushbu avtomobil to‘xtash joyi haydovchilar uchun qulay bo‘lib, har bir qavatga 100 dan ortiq avtomobilni joylashtirish mumkin. Chet elda foydalaniladigan aylana panduslar tizimidan farqli ravishda, bu yerda eni 5,5 metrli pandusli burama tizim qo‘llanilgan.
Haydovchi avtomobilini to‘xtash joyiga qo‘yib, pastga tushishi uchun ikkita lift va to‘rtta piyodalar tushish joyi mavjud. Eng muhimi, bu yerda xavfsizlikka jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, binoda tunu kun videokuzatuv olib boriladi, har bir qavat zamonaviy o‘t o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan. Ayni paytda yangi obyekt mavzening umumiy arxitekturasi bilan uyg‘unlashtirilgan.
O‘tgan yili “Samarqand Darvoza” savdo-ko‘ngilochar markazi ro‘parasida ko‘p qavatli avtomobillar to‘xtash joyi qurilgan edi. Toshkent shahrini yanada obodonlashtirish jarayonida yer maydonlaridan samarali foydalanish maqsadida shaharning aholi zich joylashgan Olmazor, Uchtepa, Mirobod tumanlari, aeroport hududi, “Toshkent” vokzali, “Sayohat” mehmonxonasi va “Chilonzor” buyum bozorida ko‘p qavatli yoki yerosti garajlarini qurish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, joriy yilda Qatortol mavzesida avtomobil to‘xtash joyining qurilishi yakunlanishi, “Qo‘yliq” bozori yonidagi yo‘lni kengaytirish va bu yerda to‘xtash joyi qurish belgilangan. Bundan tashqari, Abdulla Qodiriy va Sebzor ko‘chalari kesishgan joyda haydovchilar va yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirishga yordam beradigan yangi yo‘l o‘tkazgich bunyod etiladi.
Izoh (0)