MDH mamlakataridan kelayotgan muhojirlar 2015-yildan boshlab Rossiya hududiga faqat chet elga chiqish huquqini beruvchi pasportlar (“zagranpasport”) bilan kirishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Rossiya federal migratsiya xizmati (FMX) rahbari Konstantin Romodanovskiy so‘zlariga tayanib, “Kun.uz” ma’lum qildi.
Uning aniqlik kiritishicha, ushbu qoida hozircha Qirg‘iziston fuqarolariga daxl qilmaydi, chunki bu mamlakat hozirgi vaqtda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Romodanovskiyning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina bo‘yicha hali bir qarorga kelinmagan.
“Tojikiston, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarning fuqarolari Rossiyaga ‘zagranpasport’ bilan kirishi mumkin bo‘ladi”, — dedi FMX rahbari Rossiya hukumatining “Rossiyskaya gazeta” gazetasiga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, Rossiyada pasportning ikki turi bo‘lib, biri mamlakat ichida foydalanish uchun, ikkinchisi esa (“zagranpasport”) xorij safarlari uchun mo‘ljallangan. O‘zbekistonda har ikkala holat uchun faqat bitta pasport xizmat qiladi, faqatgina chet elga chiquvchi O‘zbekiston fuqarosining pasportida dunyoning istalgan mamlakatiga chiqish huquqini beruvchi stiker bo‘lishi kerak.
Izoh (0)