O‘sh xalqaro aeroportida “maska-shou” uyushtirgan maxsus xizmat kiyimidagi niqobli noma’lum shaxslar yo‘lovchilarning pullari va qimmatbaho buyumlarini o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda O‘sh viloyati Ichki ishlar bo‘limi matbuot xizmatiga asoslangan “RBK.ru” nashriga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, besh nafar jinoyatchidan iborat ushbu guruh “Kalashnikov” avtomatlari bilan qurollangan holda aeroportning O‘sh — Urumchi yo‘nalishidagi parvoz uchun ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan VIP-zalga bostirib kirgan. Ular zaldagilarga maxsus operatsiya o‘tkazilayotganini ma’lum qilib, barchadan yerga yotishni so‘ragan.
Shundan so‘ng, bu gapga ishonib, ko‘rsatmaga amal qilgan yo‘lovchilarning ko‘p miqdordagi pullari va qimmatbaho buyumlari solingan sumkalarini yig‘ishtirib olib, voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan.
Guvohlarning ko‘rsatma berishicha, jinoyatchilar Toyota Estima avtomashinasiga o‘tirib, aeroport hududidan chiqib ketgan.
O‘sh politsiyasi ayni paytda shaharda favqulodda holat joriy qilib, ushbu jinoiy guruhni qidirish ishlarini olib bormoqda.
Izoh (0)