Misr hukumati Gollivud rejissyori Ridli Skott tomonidan suratga olingan “Ketish: xudolar va shohlar” (Exodus: Gods and Kings) filmi prokatini tarixiy noaniqliklar sabab taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda “Al-Arabiya” telekanaliga tayanib, “Kun.uz” xabar bermoqda.
Avvalroq, film boshqa bir arab mamlakati — Marokashda taqiqlangan edi.
Misr madaniyat vaziri G‘abir Asfurning so‘zlariga ko‘ra, film xatolarga to‘lib yotibdi, xususan, unda Muso payg‘ambar va yahudiylar Misrdagi ehromlarni qurgani haqida hikoya qilinadi.
“Bu film tekshirilgan tarixiy faktlarga to‘liq zid keladi. Bu — sionistlar filmi”, — dedi Misr madaniyat vaziri. Asfurning so‘zlariga ko‘ra, “tarixda sionistik nazarda ma’lum xatoliklar bor, shu sababli ham Misr ushbu filmni taqiqlashga qaror qilgan”.
Ma’lumot uchun, “Ketish” filmi nasroniylarning muqaddas kitobi — Injilga asoslangan bo‘lib, unda Muso payg‘ambar va yahudiy xalqining Misr asirligidan ozod qilinishi namoyish etiladi. E’tiborli tomoni, film AQSh jamoatchiligi va kinotanqidchilari tomonidan ham keskin tanqid bilan kutib olinmoqda.
Izoh (0)