Toshkentda “Hindiston: O‘zbekiston yosh rassomlari nigohida” an’anaviy ko‘rik tanlovi ko‘rgazmasi va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston–Hindiston” do‘stlik jamiyati “Daryo”ga xabar berdi.
“O‘zbekiston–Hindiston” do‘stlik jamiyati, Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi, Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi hamkorlikda tashkil etilgan “Hindiston: O‘zbekiston yosh rassomlari nigohida” An’anaviy ko‘rik tanlovining o‘tkazilishidan asosiy maqsad xalqlar orasidagi qadimiy do‘stlik va birodarlikni, madaniy-ma’rifiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish ekanligi qayd etilgan.
Ko‘rik tanlovga yosh havaskor va professional rassomlarning 50 dan oshiq Hindiston va O‘zbekiston ifodalangan do‘st-u birodarlik tamoyili, hind va o‘zbek xalqlarining boy madaniy merosi, tarixiy ana’analari aks ettirilgan asarlar taqdim etildi. Tadbir davomida yosh ijodkorlar asarlarining ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
G‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimida nufuzli hakamlar hayati, davlat va jamoat arboblari, tashkilotchilar va keng jamoatchilik ishtirok etishdi. O‘zbek va hind san’at ustalarining kuy qo‘shiqlari va milliy raqslari kechaga yanada fayz bag‘ishladi. Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, ko‘rik tanlov 3 yildan buyon muvaffaqqiyatli o‘tkazilib kelinmoqda.
Mazkur tadbirlar “O‘lmas meroslarimizga nisbatan yoshlar va xorijliklarda qiziqishni ortirish, Vatanimiz obro‘-e’tiborini yuksaltirish” nomli O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi Grant loyihasi asosida tashkil etildi.
Izoh (0)