Tez orada Toshkentda London, Nyu-York, Parij kabi shaharlar uslubida O‘zbekiston poytaxti bo‘ylab avtobus sayohatlari tashkil etiladi. Tegishli e’lon aks etgan suratni Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolaridan biri joylashtirgan.
Qayd etilishicha, Toshkentdagi 7 majmua ziyorati uchun tashkillashtiriladigan ushbu avtobus sayohati uchun chiptalarni Aznur Travel kompaniyasining bosh ofisida, “O‘zbekiston” mehmonxonasining uchinchi qavatida hamda ushbu yo‘nalishdagi avtobuslarda xarid qilish mumkin. Chiptalar 24 soatgacha ishlatilishi mumkinligi ma’lum qilingan.
Surat ostiga izoh qoldirgan foydalanuvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, bunday avtobus sayohatlarining aynan qachondan boshlanishi hozircha ma’lum emas. Sayohatlar nafaqat xorijlik sayyohlar, balki Toshkent va butun O‘zbekiston aholisi uchun mo‘ljallangani aytilgan.
Foydalanuvchining ma’lum qilishicha, Aznur Travel kompaniyasi tomonidan tashkillashtiriladigan avtobus sayohati chiptalarining narxi xorijlik sayyohlar uchun 20 dollar, O‘zbekiston fuqarolari uchun 25 ming so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, 15-dekabr kuni Twitter foydalanuvchilari Toshkentda ikki qavatli avtobuslar harakatlanayotganini qayd etgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)