2014-yilning yanvar-oktabr oylari davomida Toshkent shahar jamoat transportida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarining eng ko‘pi shanba kuniga to‘g‘ri keldi. Bu haqda “Poytaxt transporti” gazetasiga asoslanib “Kun.uz” xabar bermoqda.
Shanba kuni sodir etilgan hodisalar soni 15 ta bo‘lib, jami YTHlarning 22 foizini tashkil qilmoqda. “Haftaning shanba kuni YTH sodir etilishini haydovchilarning hafta davomida yo‘nalishlarda uzluksiz ishlaganliklari oqibatida toliqish va charchash alomatlari bilan izohlash mumkin”, – dedi “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi Yo‘lovchi transportida harakat xavfsizligini ta’minlash xizmati boshlig‘i Muhammadjon Qahhorov.
So‘nggi tahlillar bo‘yicha, 2014-yilning o‘tgan 10 oyi davomida kompaniya tarkibidagi yo‘lovchi tashuvchi korxonalari haydovchilarining me’yordan 870 ming soat ko‘p ishlashlariga yo‘l qo‘ygan, har bir haydovchi bir oyda me’yordan 35 soatdan ko‘p ishlagan – bu ruxsat etilgan me’yordan 25 soatga ko‘p ishlaganini anglatadi.
Kompaniya tarkibidagi korxonalarning haydovchilari tomonidan sodir etilgan og‘ir oqibatli YTHlar bo‘yicha o‘tkazilgan xizmat surishtiruvlari davomida haydovchilarning me’yoriy ish va dam olish rejimiga rioya qilmasdan ishlashlariga yo‘l qo‘yilayotganligi bir necha marotaba aniqlangan.
Har safar xizmat surishtiruvida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli buyruqlar chiqarilganda, tasarruf xizmati xodimlariga haydovchilar ishini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatiladi. “Lekin bu o‘z samarasini bermayapti va haydovchilarni yo‘nalishlarda ‘tasarruf’ etish davom etib kelmoqda”, – dedi Qahhorov.
Xususan, “Toshkent tramvayi” korxonasi haydovchisi 2014-yilning 29-avgust kuni tramvay vagonini boshqarib borayotib, piyodani bosib ketadi va piyoda voqea joyida vafot etadi. Sodir etilgan YTH yuzasidan korxonada olib borilgan xizmat surishtiruvi davomida haydovchi YTH sodir etilgan kunga qadar jami 26 kun, ya’ni uzluksiz 13 kun ishlagan.
Haydovchi bir oy uchun o‘rnatilgan balans soat – 172 soat o‘rniga 260,4 soat ishlashiga yo‘l qo‘yilgan. Ushbu kamchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha YTH sodir etilgunga qadar korxona harakat xavfsizligi xodimlari tomonidan korxona rahbari nomiga taqdimnoma berilganligiga qaramasdan bu holatlar tasarruf xizmati tomonidan bajarilmagan va bunday holatlar muntazam davom etib kelgan.
Yuqoridagi kamchiliklarga yo‘l qo‘yganliklari hamda haydovchilarning me’yoriy ish va dam olish rejimiga rioya qilishlarini tashkillashtirmaganliklari uchun “Toshkent tramvayi” korxonasi rahbarining tasarruf bo‘yicha o‘rinbosari va tasarruf bo‘limi boshlig‘i kompaniya buyrug‘iga asosan egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
“Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida haydovchilarga qulay mehnat va dam olishlari uchun yetarli sharoit yaratib berilishi shart. Chunki haydovchidagi toliqish va charchash alomatlari YTH sodir bo‘lish ehtimolining keskin ortib ketishiga sabab bo‘ladi”, – dedi Qahhorov.
Izoh (0)