Toshkent shahar avtobuslarga masofadan kuzatish tizimi – GPS trekerlarining o‘rnatilishi jamoat transportidagi kamchiliklarni ochib tashlamoqda. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi boshqaruv raisi o‘rinbosari, bosh muhandis Hosil Xolmatovning “Poytaxt transporti” gazetasiga bergan xabariga asoslanib “Kun.uz” ma’lum qildi.
“Xususan, GPS nimaligini to‘la anglab yetmagan ba’zi haydovchilar hamon bekatlarda ko‘p turib qolish, belgilangan jadvalni buzish vositasida ortiqcha yoqilg‘i sarfiga yo‘l qo‘ymoqdalar”, – dedi Xolmatov.
Uning qayd etishicha, Bosh prokuratura tomonidan yuborilgan taqdimnomada 2013-yil va 2014-yilning birinchi choragi davomida tizimdagi tarmoq korxonalari mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, yo‘nalishlarga chiqmagan avtobuslarga ko‘p miqdordagi soxta qatnovlar uchun chipta-hisob va yo‘l varaqalari rasmiylashtirib katta miqdorda dizel yoqilg‘isini rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilgani, haydovchilarga noqonuniy ish haqlari to‘lanishiga sharoit yaratganlari kabi holatlar ma’lum qilingan.
“Ana shunday holatlarga sharoit yaratgan va unda bevosita ishtirok etgan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoiy ish ochilib, Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan javobgarlikka tortilgan”, – deya qo‘shimcha qildi Xolmatov.
Izoh (0)