29-noyabr kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi 2015-yilgi Osiyo Chempionlar ligasi turniri uchun mamlakatlarga ajratilgan kvotalar sonini e’lon qiladi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
Shuningdek, OFK vakillari 29-noyabr sanasida uch bosqichdan iborat bo‘ladigan pley-off uchrashuvlari jadvalini ham omma e’tiboriga havola etadi.
Pley-offning birinchi bosqichi 4-fevral, ikkinchi uchrashuvlari 10-fevral va guruh bosqichiga yo‘llanma beruvchi uchinchi bahslar 17-fevral sanalariga belgilangan. Shuni qayd etish kerakki, uchrashuv g‘oliblari bitta o‘yin natijasiga ko‘ra aniqlanadi. Pley-off bahslari OFKning Osiyo Chempionlar ligasi uchun joriy etgan reytingida yuqori bahoga ega bo‘lgan mamlakat klubi maydonida bo‘lib o‘tadi.
Hozircha g‘arb mintaqasida pley-off bahslarida ishtirok etadigan barcha 15 ta jamoaning nomlari ma’lum. Ular ichida musobaqaning eng tajribali jamoasi sifatida Qatarning “Al-Sadd” klubini ko‘rsatish mumkin. Bu jamoa 2015-yilgi turnirni ham qo‘shib hisoblaganda 10-bor qit’aning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasida ishtirok etadi. Qatarliklar turnirning bosh sovriniga bir marta ega chiqqan. Bu borada ikkinchi ko‘rsatkich “Bunyodkor”ga tegishli. “Qaldirg‘ochlar” musobaqaga 8-bor kirishadi.
Umuman olganda, g‘arb mintaqasida guruh bosqichiga yo‘llanma beruvchi to‘rtta yo‘llanma uchun jami 15 ta klub bahs olib boradi. Sharqda esa to‘rtta yo‘llanma uchun 14 ta jamoa kurashga kirishadi.
G‘arb
- “Al-Ahli” (Saudiya Arabistoni);
- “Naft Tehron” (Eron);
- “Bunyodkor” (O‘zbekiston);
- “Nasaf” (O‘zbekiston);
- “Al-Vahda” (BAA);
- “Al-Jazira” (BAA);
- “Al-Sadd” (Qatar);
- “Al-Jaish” (Qatar);
- “Arbil” (Iroq);
- “Al-Qodsiya” (Quvayt);
- “Al-Vihdat” (Iordaniya);
- “Al-Nahda” (Ummon);
- “Riffa” (Bahrayn);
- “Najmeh” (Livan);
- “Al-Vahda” (Suriya).
- K-liga 3-o‘rin sohibi: “Poxang Stilerz”, “Seul” yoki “Jeju Yunayted” klublaridan biri (Janubiy Koreya);
- J-liga 3-o‘rin sohibi: “Kashima Antlers”, “Sagan Tosu”, “Kashiva Reysol” yoki “Kavasaki Frontale” klublaridan biri (Yaponiya);
- “Sentral Kost Mariners” (Avstraliya)
- “Beyszin Guoan” (Xitoy);
- “Guanchjou R&F” (Xitoy);
- “Bangkok Glass” (Tailand);
- “Chonburi” (Tailand);
- “Xay Fong” (Vyetnam);
- “Persib Bandung” (Indoneziya);
- “Kitchi” (Gongkong);
- “Yadanarbon” (Muanmar);
- “Joxor Darul Ta’zim” (Malayziya);
- “Bengaluru” (Hindiston);
- “Varriors” (Singapur).
Izoh (0)