O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov Osiyoning 2014-yildagi eng yaxshi hakami nomiga da’vogar sifatida ko‘rsatildi. Bu haqda Osiyo Futbol Konfederatsiyasi rasmiy saytiga asoslanib “Kun.uz” xabar bermoqda.
OFK saytida 27-noyabr kuni e’lon qilingan “2014-yilning eng yaxshilari” nomiga da’vogarlar ro‘yxatida O‘zbekiston faqat bitta yo‘nalishda – “Yilning eng yaxshi hakami” nominatsiyasida g‘oliblik uchun kurashadi.Qayd etilishicha, 2010 (5 ta o‘yin) va 2014 (4 ta o‘yin) yilgi jahon chempionatlarida jami 9ta o‘yinga hakamlik qilib, o‘ziga xos rekord bilan tarixga kirgan Ravshan Ermatovga eronlik Alirizo Fag‘oniy va bahraynlik Navaf Shukrulla raqiblik qiladi.
Ma’lumot uchun, Ravshan Ermatov 2008, 2009, 2010 va 2011-yillarda Osiyoning eng yaxshi hakami deb topilgan. 2011-yili esa WorldReferee.com portali tomonidan jahonning eng yaxshi hakami deb ta’riflangandi.
OFKning “Yilning eng yaxshilari”ni taqdirlash marosimi 2014-yil 30-noyabr kuni Filippin poytaxti Manila shahrida bo‘lib o‘tadi. Shu kuni, shuningdek, OFKning 60 yilligi ham nishonlanadi.
Izoh (0)