BAAning Dubay shahrida o‘zining navbatdagi yig‘inini o‘tkazayotgan O‘zbekiston U-22 terma jamoasi 16-noyabr kuni Albaniya U-22 yoshlariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi xabar bermoqda.
Dubay shahrida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida Shuhrat Maqsudov shogirdlari Albaniya yoshlariga qarshi maydonga tushdi. Birinchi bo‘lim Sardor Sobirxo‘jayev tomonidan kiritilgan gol evaziga O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi.
Ikkinchi bo‘lim teng kurashlar ostida kechgan bo‘lsa ham, o‘yinning 87-daqiqasida zaxiradan maydonga tushgan Jasur Hakimov raqib darvozasini ishg‘ol qilib o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi — 2:0.
O‘rtoqlik uchrashuvi:
O‘zbekiston U-22 — Albaniya U-22: 2:0
Gollar: Sardor Sobirxo‘jayev (40), Jasur Hakimov (87).
O‘zbekiston U-22: A. Abdujalilov, A. Olimov (S. Asqarov), S. Rahmonov, M. Ubaydullayev, T. Shamshiddinov (X. Muxtorov), J. Abdumo‘minov (Q. Ro‘ziyev), S. Sobirxo‘jayev (J. Rasulov), D. Turopov (T. Hakimov), A. Maxstaliyev, J. Masharipov, A. Shog‘ulomov (J. Hakimov).
Izoh (0)