Toshkent shahrida joylashgan Vohidov nomidagi Respublika xirurgiya ixtisoslashtirilgan markazi tug‘ma yurak xastaliklari bo‘limi shifokorlari tomonidan 13 yoshli Sobitxon Rahimovda odamlarda kam uchraydigan kasallik aniqlandi. Bu haqda Uzbekistan Today agentligi xabar bermoqda.
Sobitxon Rahimovni Toshkentga uning ota-onasi Namangan viloyati kardiologiya markazi shifokorlari yo‘llanmasi bilan olib keldi. Bolada yurak nuqsoni haqidagi tashxis ancha vaqt oldin qo‘yilgan bo‘lsa-da, u operatsiya qilinmay, Vohidov nomidagi Respublika xirurgiya ixtisoslashtirilgan markaziga jo‘natilgan edi.
Markaz shifokorlari bolani exokardiografiya va multispiral kompyuter tomografiyasi uchun mo‘ljallangan yangi qurilmalarda tekshirish orqali unda yirik qon tomiri — aorta anomaliyasining kamyob shakli borligini aniqladi. Yurakdan chiqqan qon boshqa organlarga mazkur tomir orqali tarqaladi.
Bundan tashqari, aorta yuqori qismda ikkiga ajralib, traxeya va qizilo‘ngach atrofida tugun hosil qilgan.
Bolaning hayotiga yana bir nuqson — aorta anevrizmi (tomir devorining cho‘zilishi va bo‘rtib chiqishi natijasida qon tomirning chegaralangan kengayishi) xavf solayotgan edi. Bu nafaqat butun organizm faoliyati va normal qon aylanishiga to‘sqinlik qilardi, balki tomirning istalgan paytda yorilib ketishi va hayot uchun xavfli bo‘lgan ichki qon ketishiga olib kelishi mumkin edi. Shu bois bemor operatsiya qilinishi haqida qaror qabul qilindi.
Yuqori texnologiya yordamida amalga oshirilgan operatsiya olti soat davom etdi. Bu vaqt mobaynida bemorning tana harorati 18—20 darajagacha pasaytirildi. Uning yurak urishi bir yarim soatga to‘xtatilib, bemor 100 daqiqa mobaynida shu holatda ushlab turildi. Bunda faqatgina bosh miyaning qon bilan ta’minlanishi sun’iy yo‘l bilan amalga oshirildi.
Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Bemor operatsiyadan keyingi ikkinchi sutkadayoq reanimatsiya bo‘limidan oddiy palataga o‘tkazildi. Uchinchi kundan yura boshlagan Sobitxon hozirda shifoxonadan chiqishga tayyorlanmoqda.
Izoh (0)