Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli 26-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
“Sen yolg'iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi tomonidan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi yuzasidan o‘tkazilayotgan salomatlik haftaligida respublika ixtisoslashtirilgan Akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filiali, viloyat endokrinologiya dispanseri, Namangan shahar tibbiyot birlashmasi va boshqa davolash-profilaktika muassasalarining malakali mutaxassislaridan iborat shifokorlar guruhi tarbiyalanuvchilar salomatligi bo‘yicha keng qamrovli tashxislash va davolashga tavsiya qilish tadbirlarini amalga oshirdi.
Kasallik aniqlangan tarbiyalanuvchilarga Chortoq bolalar sihatgohida ham o‘qib, ham davolanishga yo‘llanma berildi. Dekabr oyida mazkur sihatgohga yana 14 nafar o‘g‘il-qiz sog‘lomlashtirishga yuboriladi. Tibbiy ko‘rik davomida tarbiyalanuvchilar gripp kasalligiga qarshi to‘liq emlandi.
“Tibbiy ko‘rikda bemor deb topilgan bolalar uchun sog‘lomlashtirish dasturi ishlab chiqilgan. Ular Namangan shahar tibbiyot birlashmasi mutaxassislari tomonidan dispanser hisobiga olindi. Sog‘lomlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ularni ambulator-poliklinika sihatgohlarida va zarurat tug‘ilganda statsionar sharoitda davolash uchun yetarli sharoit yaratilgan”, – dedi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Dilfuza Boltaboyeva.
Izoh (0)